2011 yil 20 iyunda O‘zgidrometda Jahon Sog‘liqni saqlash Tashkilotining O‘zbekistondagi Vakolatxonasi tomonidan O‘zgidrometga asbob-uskunalar topshirilishi to‘g‘risida bitim imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hozirgi vaqtda atrof muhitning muhim muammolaridan biri iqlim o‘zgarishi va uning global, milliy va mahalliy miqyosdagi oqibatlaridir. Ko‘plab xalqaro tashkilotlar iqlim o‘zgarishi muammolariga alohida e’tibor qaratmoqda. JSST ma’lumotlariga ko‘ra sog‘liqni saqlash borasidagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq asosiy muammolar nafas olish yo‘llari, yurak qon-tomir va qator yuqumli kasalliklar shaklida kechishi mumkin.
Jahon Sog‘liqni saqlash Tashkilotining O‘zbekistondagi Yevropa Mintaqaviy Byurosi Germaniyaning atrof muhit, tabiatni muhofaza qilish va yadroviy xavfsizlik bo‘yicha Federal ministrligi bilan hamkorlikda “Iqlim o‘zgarishidan sog‘liqni saqlash” loyihasini amalga oshirib kelmoqda. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha seminarlar o‘tkazish va JSST tomonidan texnik ko‘makni ta’minlash yo‘li bilan iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini ishlab chiqishga, aholini chang bo‘ronlari to‘g‘risida erta ogohlantirish tizimini yaratishga va Qoraqalpog‘istonda respirator kasalliklarga atmosfera havosi ifloslanishining ta’sirini baholashga yo‘naltirilgan. Loyiha bajarilishi mobaynida tibbiyot xodimlari va boshqa shaxslar uchun o‘quv seminarlari o‘tkazildi; tibbiyot asbob-uskunalari sotib olinib, Qoraqalpog‘iston tibbiyot muassasalariga topshirildi.
Loyihaning vazifalaridan biri atmosfera havosining maydadispers zarrachalar bilan ifloslanishini va uning Qoraqalpog‘istonda respirator kasalliklarga ta’sirini baholashdir. Yuqorida qayd etilgan loyiha doirasida Jahon Sog‘liqni saqlash Tashkilotining O‘zbekistondagi Yevropa Mintaqaviy Byurosi O‘zgidrometga atmosfera havosida maydadispers zarrachalarni monitoring qilish uchun 4 ta namuna saralovchi uskuna taqdim etdi. Ulardan ikkitasi Nukusda, ikkitasi Toshkent shahridagi atmosfera havosi ifloslanishini kuzatish postida o‘rnatildi. Keyinchalik bu shaharlarda atmosfera havosining maydadispers zarrachalar bilan ifloslanishini doimiy monitoring qilish rejalashtirilgan.
Marosimda O‘zgidromet, Jahon Sog‘liqni saqlash Tashkilotining O‘zbekistondagi Vakolatxonasi, Germaniyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi, O‘zR Sog‘liqni saqlash vazirligi va OAV vakillari ishtirok etdi.
Taxminiy bosma uchun