O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) va Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish instituti (GMITI) 2010 yil 16 sentabrda Ozon qatlamini muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan davra suhbati yig‘ilishini o‘tkazdi.
Xalqaro Yer ozon qatlamini muhofaza qilish kuni
Har yili 16 sentabr kuni jahon hamjamiyati uchun muhim bo‘lgan sana - Xalqaro Yer ozon qatlamini muhofaza qilish kuni nishonlanadi. Bu yilgi tadbir “Ozon qatlamini muhofaza qilish: eng yaxshi boshqaruv va mos kelish” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Ozon qatlamining susayishi va ozon tuynuklari mana bir necha o‘n yilliklar beri o‘ylantirib kelmoqda.
1976 yilda Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) “Ozonni global tadqiq etish va monitoringlash” loyihasi bilan chiqib, JMT ga a’zo davlatlarga ozon umumiy miqdorining iqlimga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirini baholash va trendlarni aniqlash maqsadida ozonning doimiy kuzatuvlarini o‘tkazishni tavsiya qildi.
Shu vaqtdan boshlab ozon muammosi hukumatlararo miqyosga ko‘tarildi. 1985 yilda 44 davlat vakillari tomonidan Vena “Ozon qatlamini muhofaza qilish konvensiyasi” qabul qilindi. Konferensiya qatnashchilari ozon miqdorini tizimli kuzatish va ham uning o‘zgarishiga olib keluvchi jarayonlarni, ham bunday o‘zgarishlarning ehtimolli biologik oqibatlarini o‘rganishni majburiyat qilib oldilar. 1987 yil 16 sentabrda ozonni buzuvchi moddalarni ishlab chiqarish va iste’mol qilishni chegaralovchi Monreal bayonnomasiga imzo chekdilar. Monreal bayonnomasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo barcha 196 davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi 1993 yil may oyida Vena konvensiyasi va Monreal bayonnomasiga imzo chekdi, 1998 yilda esa Bayonnomaga London va Kopengagen tuzatishlarini ratifikatsiya qildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarori bilan Ozonni buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish Milliy dasturi ma’qullandi.
Milliy dastur doirasida GEF tomonidan moliyalashtirilgan 5 loyiha bajarildi. O‘zbekistonda GEF loyihalari 142 tonna Ozonni buzuvchi moddalarni muomaladan chiqarish vazifasini bajardi.
GEF tomonidan moliyalashtirilib amalga oshirilgan loyihalarning bahosi muvaffaqiyatli natijalarni ko‘rsatdi. O‘zbekiston atrof muhit bo‘yicha global dasturlarni yaxshilash uchun namuna sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan barqaror natijalarga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Monreal Bayonnomasiga rioya etish rejimidadir.
O‘zbekiston Respublikasida Ozonni buzuvchi moddalardan voz kechishni bosqichma-bosqich amalga oshirishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ikkita qaror qabul qilingan: “O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Ozon qatlamini muhofaza qilish sohasidagi shartnomalar bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish chorlari to‘g‘risida” va “Ozonni buzuvchi moddalar va mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqishni regulirovka qilish to‘g‘risida”
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bu yilgi murojaatida:
“Monreal Bayonnomasi imzo chekilgan 1987 yilda hukumatlar ozon qatlamini buzuvchi biron-bir moddalarni muomaladan chiqarishni ko‘zlamagan edilar. Shunga qaramay davlatlar Monreal Bayonnomasi majburiyatlarini milliy va jahon miqyosida bajarib, ozon qatdamini buzuvchi moddalarni ishlab chiqarish va iste’mol qilishni 98% ga qisqartirdilar. Shu bilan bir vaqtda Monreal Bayonnomasini amalga oshirish jarayoni parnik gazlar chiqarilishini 135 milliard tonnaga kamaytirdi, va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash vositasi bo‘lib xizmat qildi.
Men Monreal Bayonnomasi tomonlarini ana shu modelga asoslangan hamkorlikdagi faoliyatlarini davom ettirishga va atrof muhitning boshqa muammolarini hal etish imkoniyatlarini izlashga chaqiraman. Keling, birgalikda ozon va iqlim bo‘yicha shartnomalarda mavjud boshqaruv vositalarini amalda qo‘llab, inson farovonligi va barqaror rivojlanish yo‘lida atrof muhitga solinayotgan xavflarni bartaraf etaylik”.
Davra suhbati ishida O‘zgidromet mutaxassislari va GMITI ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish qatnashchilari e’tiboriga davra suhbati mavzusi muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzalar havola etildi:
1. “Ozon – sayyoramizdagi biologik hayot va uning iqlimini shartlovchi atmosferaning gaz tarkibi”.
2. “Ozon qatlami – XXI asr muammolari”.
Yig‘ilishda mazkur muammolar bo‘yicha muhokama va bahs-munozara bo‘lib o‘tdi.
Taxminiy bosma uchun