O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) va Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish instituti 2008 yil 25 mart kuni Jahon meteorologiya kuni 2008 hamda Jahon Yer kuniga bag‘ishlab “Yaxshiroq kelajak uchun sayyoramiz ustidan kuzatuvlar” mavzusidagi davra suhbatini o‘tkazdi
Jahon meteorologiya kuni 2008 va Jahon Yer kuni
Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) Ijroiya Kengashi Jahon meteorologiya kunini nishonlash uchun alohida mavzu tanlashi an’anaga aylandi. Jahon meteorologiya kuni 2008 ning mavzusi etib “Yaxshiroq kelajak uchun sayyoramiz ustidan kuzatuvlar”ning tanlanishi, JMT Bosh kotibi janob M. Jarro ta’kidlaganidek, tasodif emas. Bu JMTga a’zo mamlakatlar va ularning milliy gidrometeorologik xizmatlarining ob-havo, iqlim va suv sohalaridagi JMT yuklagan faoliyatlari doirasidagi kengko‘lamli va ishonchli kuzatuvlaridan olinayotgan foydaning e’tirofidir. Avvalgi Jahon meteorologiya kunidan o‘tgan bir yil ichida global kuzatuvlarning nechog‘li dolzarbligiga guvohlik beruvchi qator muhim voqealar ro‘y berdi.
Kuzatuvlar turli vaqt masshtablarida prognozlar va bashoratlar uchun dastlabki nuqta bo‘lib hisoblanadi. JMT meteorologik, gidrologik va boshqa geofizik kuzatuvlar o‘tkazish uchun tarmoqlar tashkil etish ishida hamkorlikka, shuningdek, tegishli ma’lumotlarni ishlash va standartlashtirish maqsadida ma’lumotlar va axborot, mahsulot va xizmatlar bilan chegaralanmagan va erkin almashuvga ko‘maklashmoqda. U kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishda texnologiyalarni uzatishga yordam bermoqda.
Ob-havo, iqlim va suv haqidagi axborot inson faoliyatining deyarli barcha sohalari uchun kerak. Kuzatuv ma’lumotlari yoki ular asosida olingan axborotdan barcha bosqichlarda qarorlar qabul qilishda foydalaniladi va u ijtimoiy- iqtisodiy faoliyatning qishloq xo‘jaligi, transport, sog‘liqni saqlash kabi muayyan turlari uchun tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Ob-havo prognozlari va ular asosida olingan mahsulot va xizmatlar samarali global kuzatuvlar tizimi bo‘lishini taqozo etadi. Aniq kuzatuv ma’lumotlari bilan almashuvni o‘z vaqtida ta’minlash, shuningdek, bu ma’lumotlarni qayta ishlash qobiliyati bunday tizimning ajralmas qismidir.
Barcha mamlakatlar har kuni o‘z hisoblaridan o‘zlarining milliy maqsadlari uchun zarur bo‘lgan yuzlab kuzatuvlar olib boradi. Ammo JMT doirasida qabul qilingan xalqaro kelishuvlarga muvofiq har bir mamlakat o‘z kuzatuvlarining bir qismi bilan bo‘lishadi va erkin va chegaralanmagan rejimda boshqa mamlakatlar o‘tkazayotgan kuzatuv ma’lumotlarini oladi.
Yer ustidan 150 yildan ortiq vaqt oldin boshlangan kuzatuvlar davom etmoqda va yanada murakkab zamonaviy yerusti asbob-uskunalaridan foydalangan holda o‘tkazilmoqda. Bu kuzatuvlar xavfsizlikni ta’minlash, samarali ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat hamda iqlim bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish jarayonida xizmat qiluvchi axborotning asosini tashkil qiladi.
JMT Bosh kotibi janob M. Jarro ta’kidlaganidek, uzoq iqlimiy kuzatuvlar hamjamiyatlarning xavfli meteorologik hodisalarga ta’sirchanligini baholash va ularga tayyor turishni ta’minlashda o‘ta muhim. Bunday tayyorlikning yo‘qligi har bir ekstremal hodisaning vayronalarga olib kelishiga va taraqqiyotni orqaga surilishiga olib keladi.
Davra suhbati ishida qator vazirlik, idora, qo‘mita, hukumatga tegishli bo‘lmagan tashkilot va OAV vakillari qatnashdi.
Davra suhbatni o‘tkazishdan maqsad – ishtirokchilar e’tiboriga havola etilgan quyidagi ma’ruzalarni muhokama etish va ko‘rib chiqich:
1. “Sayyoramiz ustidan kuzatuvlar xavfsizlikni oshirish asosi”
2. “O‘zgidromet gidrometeorologik kuzatuvlar tarmog‘ining 2008 yil 1 martga holati”
3. “ Kumushsimon bulutlarga yangi hissa”
4. “O‘zbekiston tuproqlarining issiqlik rejimi”
Yig‘ilish jarayonida mazkur ma’ruzalar yuzasidan bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbati ishi OAV tomonidan yoritildi. Matbuotda ushbu kun mavzusiga bag‘ishlangan qator maqolalar chop etildi.
Taxminiy bosma uchun